|
|
Eng birinchi kompyuter virusi 40 yil avval paydo bo‘lgan
|
| 2013-10-04, 4:13 AM |

Bu yil insoniyat tarixidagi ilk kompyuter virusi – "Creeper”ning paydo bo‘lganiga 40 yil to‘ladi. Ushbu "chuvalchang” 1971-yili ARPANET – 1969-yilda AQSh mudofaa Agentligi tomonidan istiqbolli tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha tashkil etilgan va Internetning ajdodi hisoblangan tarmoqqa xizmat qiluvchi kompaniya xodimi tomonidan yozilgan edi.
"Creeper”ni mukammal bir virus deb bo‘lmasdi, chunki u tizimga hech qanday zarar yetkaza olmasdi. Buning o‘rniga u tarmoq bo‘ylab kompyuterlarni qidirar, mustaqil ravishda ularning ichida ko‘payib, terminalga: "I’m the creeper, catch me if you can!” (Men Kriperman, qo‘lingdan kelsa, meni tutib ol!) xabarini chiqarardi. Agar "Creeper” kompyuterda o‘zining nusxasini topib olsa, boshqa kompyuterga qarab "sudralib” ketardi.
Boshqa, nisbatan jiddiy bo‘lgan "Elk Cloner” virusi 1982-yili paydo bo‘lgan. Kompyuterlarga disketalar orqali "yuqadigan” ushbu "chuvalchang”ni 15 yoshli o‘smir bola ishlab chiqqan. 1987-yili esa "Jerusalem” virusi ishlab chiqilgan bo‘lib, u 13-sanaga to‘g‘ri kelgan har juma kuni zararlangan tizimdagi barcha dasturlarni o‘chirib tashlardi.
1999-yili "Melissa” virusi paydo bo‘lib, u Microsoft Word dasturining zararlangan hujjatlari orqali tarqalardi va Outlook pochta dasturidagi aloqalar ro‘yxati orqali o‘zini-o‘zi boshqalarga jo‘natishni "bilardi”. O‘shanda "Melissa” o‘sha vaqtda Internetda mashhur bo‘lgan bir qator pochta xizmatlarining ish faoliyatini bir muddat ishdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.
Eng so‘nggi xavfli viruslardan biri "Stuxnet” bo‘lib, u zavodlar, elektrostansiyalar va boshqa sanoat inshootlariga zarar yetkazishi mumkin. Ushbu "chuvalchang” haqida ilk marta 2010-yilning iyunida – u Busher AESning kompyuterlariga zarar yetkazganidan keyin ma’lum bo‘lgandi.
"Net Security” internet-nashridagi maqolada yozilishicha, so‘nggi to‘rt o‘n yillik davomida viruslar soni geometrik progressiya bo‘yicha oshib borgan: 1990-yilda ular soni 1 300 ta bo‘lsa, 2000-yilda 50 mingga yetgan, 2010-yilda esa 200 milliondan ham oshib ketgan.
Mutaxassislarning fikricha, kiberjinoyatchilarning keyingi nishoni elektron to‘lovlarni oson amalga oshirish imkonini beradigan smartfonlar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu qurilmalardan odatda sozlangan GPS-navigator, mikrofon va bir necha kameralar bo‘lib, bu narsalar "aqlli” trubka egalari jinoyatchilar tomonidan kuzatib turilishiga ham imkon keltirib chiqarishi mumkin.
Antivirusli dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqaruvchi "McAfee” kompaniyasi taxminlariga ko‘ra, 2011-yilda smartfonlar (ayniqsa, Android platformadagilari), uzun URL-manzillarni qisqartiruvchi xizmatlar, ijtimoiy tarmoqlar, Apple korporatsiyasi mahsulotlari hamda geolokatsion servislar xakerlarning asosiy nishoniga aylanadi.
|
|
Bolimlar: Foydali Programmalar | Kiritdi: Admin
|
| Korildi: 1968 | : 0
| Baholar: 5.0/1 |
|
|
|